Prokuror qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, prokurorning oʻzi yoxud sud zarur deb topgan taqdirda sudlarda ishlar koʻrib chiqilishida ishtirok etadi. Sud majlisida ishtirok etayotgan prokurorning vakolatlari hajmi va doiralari Oʻzbekiston Respublikasi protsessual qonunlari bilan tartibga solinadi. Prokuror davlat ayblovini qoʻllab-quvvatlar ekan, dalil-isbotlar oʻrganilishida ishtirok etadi, jinoyat qonuni qoʻllanishiga, sudlanuvchiga berilishi lozim boʻlgan jazo turi va miqdoriga doir oʻz fikrini sudga bayon etadi. Bunda prokuror qonun talablariga va ish yuzasidan toʻplangan materiallarnig xolis bahosiga amal qiladi. Basharti, ishni qarab chiqish vaqtida prokuror qoʻyilayotgan ayblov sud majlisida oʻz tasdigʻini topmayapti degan xulosaga kelsa, u ayblovdan voz kechadi. Prokuror sud jarayonida boshqa qatnashchilar bilan teng huquqlardan foydalanar ekan, sudlarning mustaqilligi va ular faqatgina qonunga boʻysinish prinsipiga qatʼiy rioya etishi, oʻz faoliyati bilan odil sudlovni amalga oshirishga qoʻmaklashishi shart.