Prokuratura faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nazoratida boʻladi va prokuraturaning qonunlar ijro etilishini nazorat qilish, jinoiy ishlarni tergov qilish, shikoyatlar, arizalar va xabarlarni tekshirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish borasidagi faoliyatiga davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining hamda ular vakillarining, shuningdek mansabdor shaxslarning aralashishi taʼqiqlanadi. Prokuratura idoralari partiyadan holi qilingan va ularda siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkiliy tizilmalarini tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Prokurorning gʻayriqonuniy qaror qabul qilishiga erishish yoki oʻz faoliyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish maqsadida unga qanday shaklda boʻlmasin biron-bir taʼsir koʻrsatganlik, uning daxlsizligiga tajovuz qilganlik, shuningdek prokuror va tergovchining ruxsatisiz tekshirishlarga va dastlabki tergovga doir maʼlumotlarni oshkor etganlik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.