Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno. Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat quyidagilar sifatida amalga oshiriladi: investitsiya vositachisi (brokeri, dileri); investitsiya maslahatchisi; investitsiya fondi; investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi; depozitariy; hisob-kitob — kliring palatasi; transfer-agent; qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi. Litsenziya talabgoriga uning arizasiga binoan qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish uchun yoki mazkur faoliyat turining qismlari uchun litsenziya berilishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni birga qoʻshib olib borish uchun belgilangan cheklashlar hisobga olingan holda beriladi. Faqat qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi boʻlgan kamida ikki xodimga ega yuridik shaxslar (investitsiya fondi bundan mustasno) qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari boʻlishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi uch yil muddatga beriladi. Qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.