Depozitariylarda qimmatli qogʻozlarning but saqlanishi qimmatli qogʻozlarni saqlashga doir talablarga javob beradigan saqlash joylarida hamda hisobga olish registrlarini depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq yuritish orqali taʼminlanadi. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida saqlanayotgan va hisobga olinayotgan qimmatli qogʻozlarning but saqlanishi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining maʼlumotlar axborot bankida takroriy saqlab turish tizimi orqali, texnik tizimda uzilishlar yuz berganda va kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi maʼlumotlar bankini tezkor tiklash orqali ham taʼminlanadi. Qimmatli qogʻozlarning depozitariylarda but saqlanishi kafolatlarini taʼminlash qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.