Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi investorning talabiga binoan: davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatning koʻchirma nusxasini; qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning koʻchirma nusxasini; qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ustav fondi, oʻz mablagʻlarining miqdori va zaxira fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni; investor oladigan qimmatli qogʻozlar chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni; investor oladigan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasidagi maʼlumotlarni, shuningdek ushbu qimmatli qogʻozlarning investor tomonidan axborot taqdim etish haqida talab qoʻyilgan sanadan oldingi olti hafta davomidagi narxlari haqidagi maʼlumotlarni; qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarning natijalari boʻyicha hisobotni shartnomada kelishilgan muddatlarda taqdim etadi. Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi investorlarni ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni olish huquqlari haqida xabardor qilishi shart. Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi: yilning bir choragi davomida faqat bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalar; bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan bir martalik operatsiya, agar bu operatsiya boʻyicha qimmatli qogʻozlarning soni mazkur qimmatli qogʻozlar umumiy sonining kamida 15 foizini tashkil etgan boʻlsa, ularni amalga oshirilganligi haqida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga ikki ish kuni ichida yozma shaklda axborot beradi.