Emitent va qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilingan, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun daʼvo muddati emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini joylashtirish muddati tugagan paytdan eʼtiboran bir yilni tashkil etadi. Veksel saqlovchining indossantlarga qarshi va veksel beruvchiga qarshi talablari boʻyicha daʼvo muddati belgilangan muddatda amalga oshirilgan protest kunidan eʼtiboran yoki chiqimlarsiz oborot toʻgʻrisida shartlashilgan taqdirda, toʻlov muddati kunidan eʼtiboran bir yilni tashkil etadi. Indossantlarning bir-biriga va veksel beruvchiga talablari boʻyicha daʼvo muddati indossant vekselni toʻlagan kundan eʼtiboran yoki unga nisbatan daʼvo taqdim etilgan kundan eʼtiboran olti oyni tashkil etadi. Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilmagan boshqa hollarda, shuningdek boshqa qimmatli qogʻozlar boʻyicha daʼvo muddatlari qonunga muvofiq belgilanadi.