Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan emitentning arizasi asosida amalga oshiriladi. Emitentning arizasiga quyidagilar ilova qilinadi: emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror; qimmatli qogʻozlar emissiya risolasi; blanka namunasi (hujjatli shakldagi emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilgan taqdirda); roʻyxati qonun hujjatlarida belgilanadigan boshqa hujjatlar. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida davlat roʻyxatidan oʻtkazishi yoki emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida asoslantirilgan qaror qabul qilishi shart. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganida emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorning har bir nusxasida emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishiga berilgan roʻyxatdan oʻtkazilganlik raqami koʻrsatiladi. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik emitent zimmasida boʻladi.