Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qogʻozlar nominal qiymatining 0,01 foizi miqdorida respublika budjetiga yigʻim toʻlaydi. Ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning nominal qiymati oshirilgan taqdirda, emitent mazkur chiqarilishdagi emissiyaviy qimmatli qogʻozlar nominal qiymati oshgan summasining 0,01 foizi miqdorida respublika budjetiga yigʻim toʻlaydi. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun yigʻim quyidagi hollarda olinmaydi: aksiyalar Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan emissiya risolasi asosida chiqarilgan taqdirda; ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishiga oʻzgartishlar kiritilgan taqdirda; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda.