Tabiiy monopoliya subyektlari quyidagi huquqlarga ega: realizatsiya qilingan tovarlar uchun haq toʻlanishini taʼminlamayotgan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishni qonunchilikda belgilangan tartibda rad etish; tabiiy monopoliya sharoitlarida realizatsiya qilinadigan tovarlarning narxlarini (tariflarini) vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda barcha isteʼmolchilar uchun bir vaqtda pasaytirish. Tabiiy monopoliya subyektlari: oʻz tovarlarining sotib olinishida isteʼmolchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratib berishi, barcha isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish uchun quvvatlar yetarli boʻlmagan taqdirda, tovarlar isteʼmolchilar oʻrtasida adolatli taqsimlanishini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tartibga solishi; oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni vakolatli davlat organiga qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etishi; tovarlarning narxlarini (tariflarini) belgilash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organga ishonchli axborotni taqdim etishi; tabiiy monopoliya sharoitlarida amalga oshiriladigan tovarlar ishlab chiqarishga (realizatsiya qilishga) doir toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarning alohida-alohida hisobini yuritishi shart. Tabiiy monopoliya subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.