Raqobat toʻgʻrisida 23-modda. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash

Davlat xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin. Ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga sogʻlom raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan tarzda yakka tartibda davlat yordami berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ularning raqobatga taʼsirini baholash uchun vakolatli davlat organiga majburiy tartibda kiritiladi. Raqobatga taʼsirni baholash natijalari yuzasidan vakolatli davlat organining xulosasi davlat yordami koʻrsatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish chogʻida majburiy tartibda koʻrib chiqiladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.