Oldindan rozilik olish talab etiladigan iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish chogʻida shaxslar yoki shaxslar guruhi bu harakatlar bajarilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar vakolatli davlat organiga quyidagilarni qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etadi: iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi arizani; norezident boʻlgan jismoniy shaxs uchun — pasportning koʻchirma nusxasini; norezident boʻlgan yuridik shaxs uchun — davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatning koʻchirma nusxasini yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatni; bitim taraflarining ariza berilgan kundan avvalgi ikki yil davomidagi yoxud agar faoliyat ikki yildan kam muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat davomidagi faoliyati turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni; oʻtgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy va statistika hisobotlarini; shaxslar guruhining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, bunday shaxslarning ushbu shaxslar guruhiga kirish asoslari koʻrsatilgan holda; shaxslar yoki bir guruh shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarining (ulushlarining) 25 foizdan koʻprogʻiga bevosita yoki bilvosita egalik qilish orqali haqiqatda nazorat qiladigan jismoniy shaxslar — asosiy benefitsiar mulkdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni. Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqanlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yigʻim undiriladi. Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi ariza quyidagi tarzda koʻrib chiqiladi: agar harakat (bitim) raqobatga taʼsir qilmasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kechiktirmay arizachi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilinadi; agar harakat (bitim) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganish oʻtkazish uchun arizani koʻrib chiqish m