Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Vakolatli davlat organi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar va oʻrganishlar natijalari, jismoniy va yuridik shaxslarning, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining murojaatlari, tegishli organlarning taqdimnomalari raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqish uchun asos boʻladi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hamda yuridik shaxslar birlashmalarining mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan raqobat sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar tegishli sudlarda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq koʻrib chiqiladi.