Vakolatli davlat organining koʻrsatmasi unda belgilangan muddatda ijro etilishi lozim. Koʻrsatmani muddatida ijro etmaganlik qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi. Vakolatli davlat organining koʻrsatmasini ijro etmaganlik deganda koʻrsatmani ijro etishdan boʻyin tovlash yoki koʻrsatmani qisman ijro etish yoxud oʻz vaqtida ijro etmaslik tushuniladi. Vakolatli davlat organi tomonidan oʻziga koʻrsatma berilgan shaxslar koʻrsatmani ijro etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma berishi mumkin. Iltimosnomada koʻrsatilgan holat uzrli deb topilgan taqdirda, vakolatli davlat organi koʻrsatmani ijro etish muddatini koʻpi bilan uch oyga uzaytirishga haqli. Vakolatli davlat organi oʻz koʻrsatmalarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.