Reklama toʻgʻrisida 20-modda. Ijtimoiy axborot

Reklamaning aylanishi uchun belgilangan barcha talablar ijtimoiy axborotning aylanishiga nisbatan qoʻllaniladi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari boʻlishi mumkin. Jismoniy va yuridik shaxslarning ijtimoiy axborotni bepul asosda tayyorlash hamda tarqatishga (joylashtirishga), oʻz mol-mulkini (shu jumladan pul mablagʻlarini) ijtimoiy axborot tayyorlash va tarqatish (joylashtirish) uchun boshqa shaxslarga berishga doir faoliyati homiylik faoliyati deb eʼtirof etiladi. Bunday shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi. Ijtimoiy axborotda tovarlarning muayyan markalari (nomlari, modellari, artikullari), ishlab chiqaruvchilarning tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari) hamda ularning boshqa individuallashtirish vositalari toʻgʻrisidagi eslatmaga, shuningdek bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadlarini koʻzlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Radio va teledasturlarda tarqatiladigan ijtimoiy axborotda homiylar toʻgʻrisidagi eslatma uch soniyadan oshishi mumkin emas va bunday eslatmaga kadr maydonining koʻpi bilan yetti foizi ajratilishi, boshqa vositalar orqali tarqatiladigan ijtimoiy axborotda esa reklama maydonining (sathining) koʻpi bilan besh foizi ajratilishi kerak. Ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy oylik hajmining besh foizidan kam boʻlmagan hajmda ijtimoiy axborotni joylashtirishi shart. Bunda faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq moliyalashtiriladigan va (yoki) oʻz ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz hamda undan ortiq boʻlgan reklama tarqatuvchilar davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining buyurtmasiga koʻra ijtimoiy axborotni bepul joylashtiradi.