Reklama toʻgʻrisida 21-modda. Ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va oʻtkazish

Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) oʻynaladigan ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni oʻtkazish chogʻida reklama beruvchi ragʻbatlantiruvchi aksiyani oʻtkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini eʼlon qilishi shart. Ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni oʻtkazish shartlarining eʼloni quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak: ragʻbatlantiruvchi aksiyani oʻtkazish qoidalarini, uni oʻtkazish muddatlari, sovrinlar va yutuqlarning nomi, miqdori, ularni olish joyi hamda tartibi koʻrsatilgan holda, shuningdek ragʻbatlantiruvchi aksiyani oʻtkazish shartlariga taalluqli boshqa har qanday axborotni; reklama beruvchining nomini, manzilini, aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa maʼlumotlarni); ragʻbatlantiruvchi aksiya tashkilotchisining yuridik nomini, joylashgan yerini (pochta manzilini), aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa maʼlumotlarni). Ishtirok etish shartlari Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot resurslarida eʼlon qilingan taqdirda, eʼlon ragʻbatlantiruvchi aksiya tugaganidan keyin kamida olti oy davomida erkin foydalanish uchun ochiq boʻlishi kerak. Ragʻbatlantiruvchi aksiyalar tovarlarni bepul tarqatish va raqobatdosh tovarlarga (bundan ushbu Qonunda reklama qilinishi taqiqlangan tovarlar mustasno) ayirboshlash yoki xizmatlar koʻrsatish bilan birga amalga oshirilishi mumkin. Ragʻbatlantiruvchi aksiyalar doirasida qimmatbaho sovrinlar oʻynalishi quyidagi hollarda lotereya hisoblanmaydi, basharti: mukofot fondi, shuningdek ragʻbatlantiruvchi aksiya oʻtkazilishini tashkil etish xarajatlari ragʻbatlantiruvchi aksiya ishtirokchilarining toʻgʻridan-toʻgʻri pul badallar