Reklama toʻgʻrisida 24-modda. Yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatishga boʻlgan huquq

Yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatishga boʻlgan huquq yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Davlat mulki boʻlgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatishga boʻlgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida beriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar oʻziga reklama joyining pasporti berilgan paytda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq mazkur pasport berilgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlarni oʻtkazmasdan oʻrnatish huquqiga ega boʻladi. Reklama joyi pasporti muddati oʻtganidan keyin yuridik yoki jismoniy shaxslar tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksion yakunlari boʻyicha oʻrnatish huquqiga ega boʻlishi mumkin. Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga, shuningdek xususiy mulk boʻlgan binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatishga boʻlgan huquq xususiylashtirilgan yer uchastkalarining, binolarning hamda inshootlarning mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilishi mumkin.