Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledoʻkon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Sport musobaqasining (shu jumladan sport bellashuvlari, oʻyinlari, janglari, poygalarining) jonli efirdagi yoki yozib olingan holdagi namoyishi, agar telekanalning huquq egasi bilan tuzilgan shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat sport musobaqalari jarayonidagi tanaffuslarda yoki ular toʻxtatib turilgan vaqtda reklama bilan, shu jumladan homiylik reklamasi bilan uzib qoʻyilishi mumkin. Quyidagilar taqiqlanadi: reklama joylashtirish maqsadida davlat tadbirlari va marosimlarining namoyishini uzib qoʻyish; reklama va reklama haqidagi anons, shu jumladan teledastur anonsi tovushining balandligi darajasini reklama va reklama haqidagi anons bilan uzib qoʻyilgan teledastur va telekoʻrsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib belgilash; telekoʻrsatuvlar namoyish qilinayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrdan foydalanish, bundan reklama bloki vaqtida foydalanish mustasno; telekoʻrsatuvlarga videoplashkalarni (telekoʻrsatuv namoyishi vaqtida koʻrinib qoladigan tijorat axborotini) joylashtirish, bundan reklamaning oʻzini, shuningdek reklama huquqi asosida efirga chiqariladigan koʻrsatuvni namoyish etish vaqti mustasno. Bunda videoplashka oʻlchami ekran sathining oʻn foizidan oshmasligi va uning pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilgan boʻlishi kerak. Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining talablari: tegishli telekanalda namoyish qilinayotgan telekoʻrsatuvlar toʻgʻrisidagi teledasturlarda joy