Saylov komissiyalari saylov kampaniyasini oʻtkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu Kodeks talablari buzilganligi yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida oʻziga kelib tushgan murojaatlarini oʻz vakolatlari doirasida koʻrib chiqishi, ushbu murojaatlar boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazishi va uch kunlik muddatda ularga yozma javoblar berishi, saylovga olti kundan kam vaqt qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol koʻrib chiqib, javob qaytarishi shart, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno. Murojaatlar qaydlov daftarida roʻyxatga olinishi lozim. Saylov komissiyasining raisi murojaatni koʻrib chiqish va unga doir qaror qabul qilish uchun tegishli komissiyani ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda chaqiradi va uning majlisini oʻtkazadi. Majlisga manfaatdor shaxslar taklif etilishi mumkin. Qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kirmaydigan saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaat qonunda belgilangan tartibda tegishli organlarga murojaat yuborgan shaxs bu haqda xabardor qilingan holda yuboriladi. Murojaatni koʻrib chiqqan saylov komissiyalari aʼzolari uni koʻrib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida murojaat yuborgan shaxsni xabardor qilishi shart.