Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga va bir mandatli saylov okruglari boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi, mahalliy Kengashlar deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olishni esa tegishli hududiy, tuman va shahar saylov komissiyasi amalga oshiradi. Nomzod etib roʻyxatga olingan shaxsga roʻyxatga olinganlik guvohnomasi beriladi. Nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻttiz besh kun qolganida tugallanadi. Nomzodlar roʻyxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi roʻyxatga olinganlik toʻgʻrisidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashgʻulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiyani koʻrsatgan holda eʼlon qiladi.