Tashviqot quyidagicha tarzda olib boriladi: siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining deputatlikka nomzodlarini yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish; nomzod va siyosiy partiya toʻgʻrisidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish. Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin. Tashviqot: ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻi orqali; bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali; saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Tashviqot davrida uni olib borishning ushbu Kodeksda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.