Ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar boʻlib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari oʻrnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali oʻtib keladigan qilib oʻrnatiladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar oʻtkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish masʼuliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida boʻladi. Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart. Lozim boʻlgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn bir kun oldin taqdim etilishi kerak. Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel, ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan taʼminlash mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, aloqa vositalari bilan taʼminlash esa raqamli texnologiyalar sohasidagi vakolatli davlat organi zimmasiga yuklatiladi. Jamoat tartibini saqlash, saylov oʻtkaziladigan binolar va joylarni qoʻriqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chogʻida uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.