Saylov kodeksi 56-1-modda. Saylovchining chet davlatda turgan joyida ovoz berish

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida oʻtkazilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi. Saylovchilarning turgan joyida ovoz berish Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosi hozirligida oʻtkaziladi. Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi aʼzolari koʻchma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi saylov byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni surgʻuchlaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi. Saylov byulletenlari solingan qop surgʻuchlangan holda dalolatnoma bilan birga saylov uchastkasiga olib boriladi va saylov kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.