Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish qoʻshma majlisda amalga oshiriladi. Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish uchun raislik qiluvchining taqdimnomasiga binoan ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan Maslahat kengashi saylanadi. Maslahat kengashi katta tajribaga ega boʻlgan eng obroʻli, katta yoshli deputatlar orasidan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bittadan vakil saylanadi. Maslahat kengashi oʻz raisini saylaydi. Maslahat kengashi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli deputatlar orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatadi va koʻrib chiqadi hamda saylov byulleteniga kiritish uchun taklif kiritadi. Nomzodlarning alohida-alohida eshituvi va muhokamasi natijalariga koʻra qoʻshma majlisda ularni saylov byulleteniga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan Senat aʼzoligiga nomzod saylov byulleteniga kiritilgan hisoblanadi. Saylov byulleteniga toʻrt nafardan kam boʻlmagan Senat aʼzoligiga nomzodlar kiritiladi.