Saylov kodeksi 91-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatish tartibi

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod koʻrsatishga vakolatlidir. Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov oʻtkazish boʻyicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib koʻrsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi. Ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Siyosiy partiyalar faqat oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib koʻrsatadi. Deputatlikka nomzodlar koʻrsatilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.