Saylov kodeksi 94-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish

Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlari olgan saylovchilar sonini va saylov qutilaridagi saylov byulletenlari sonini aniqlaydi. Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir okrug, har bir nomzod va siyosiy partiya boʻyicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi. Sanab chiqilgan saylov byulletenlari asosida uchastka saylov komissiyasi: har bir nomzodni va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini; buzilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi. Saylov byulletenlariga qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi. Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari, shuningdek ovoz berish chogʻida bittadan ortiq kvadratga “+” yoki “ ” yoxud “x” belgisi qoʻyilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qoʻyilmagan saylov byulletenlari haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining haqiqiyligi shubha tugʻdirganda, masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qoʻyish orqali hal etiladi. Ovoz beruvchi tomonidan byulletenni toʻldirish vaqtida xatoga yoʻl qoʻyilgan va uning oʻrniga yangi saylov byulleteni berilgan, bu haqda saylovchilar roʻyxatida hamda bekor qilingan buzilgan saylov byulletenining orqa tomonida tegishli belgi qoʻyilgan saylov byulleteni buzilgan hisoblanadi.