Saylov kodeksi 95-modda. Okrug (hudud) boʻyicha saylov natijalarini va siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash

Okrug (hudud) boʻyicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyasi: okrug (hudud) boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini; saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini; ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini; har bir nomzod va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar sonini; haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi. Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasida aks ettirilgan, ovozlarni sanab chiqish chogʻida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyasi oʻz majlisida uchastka saylov komissiyasiga ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif qilishga haqli. Tegishli okrug (hudud) boʻyicha saylov natijalari hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma hududiy, tuman, shahar va okrug komissiyasining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi, boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi. Mazkur bayonnomaning koʻchirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun darhol hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga oid bayonnomalar hududiy saylov komissiyasi tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga okrug boʻyicha saylov natijalariga oid bayonnomalar okrug saylov komissiyasi tomonidan hududiy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.