Shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda texnik nazorat buyurtmachi tomonidan texnik nazorat boʻyicha mutaxassisni biriktirish yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxsni shartnoma asosida jalb qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Texnik nazorat boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan boʻlishi kerak. Texnik nazorat boʻyicha mutaxassis: pudratchi tomonidan tashkiliy-texnologik hujjatlar va shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shuningdek qurilish obyektida qurilish-montaj ishlarining sifatining taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; yashirin ishlarni tekshirish va muhim konstruksiyalarni oraliq qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirishda qatnashadi; texnik nazorat jurnalining toʻgʻri yuritilishini taʼminlaydi; qurilish jarayonida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan pudratchilar va mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassislar tomonidan ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi; konstruksiyalarning ishonchliligiga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga taʼsir koʻrsatuvchi, shuningdek inson hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi kamchiliklar aniqlanganda, buyurtmachini hamda hududiy inspeksiyani taʼsirchan choralar koʻrish uchun xabardor qilgan holda, qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turadi; qurilish obyektidagi qurilish-montaj ishlari sifatini muntazam ravishda nazorat qiladi. Obyektni qurish (rekonstruksiya qilish) tugallangandan soʻng texnik nazorat boʻyicha mutaxassis buyurtmachiga bajarilgan qurilish-montaj ishlarining sifati toʻgʻrisida xulosa beradi. Texnik nazorat boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.