Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq toʻliq tayyor boʻlganda va ijro hujjatlari, muvofiqlik deklaratsiyasi, bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi va qurilish-montaj ishlarining sifati toʻgʻrisidagi xulosalar mavjud boʻlganda amalga oshiriladi. Davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq qurilishi tugallangan obyektlarni, shuningdek davlat ahamiyatiga ega obyektlarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladigan davlat qabul komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda komissiya ishida buyurtmachi, ishlab chiquvchi va pudratchining vakillari majburiy tarzda ishtirok etishi kerak. Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish pudratchi va buyurtmachi oʻrtasida imzolanadigan, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya tuzilgan hollarda, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi komissiya aʼzolari, buyurtmachi, ishlab chiquvchi, pudratchi hamda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi shakli maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi. Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish ishtirokchilarining vazifalariga quyidagilar kiradi: qurilishi tugallangan obyektning tayyorligini belgilash va hujjatli tasdiqlash; bajarilgan qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligini baholash; texnologik, muhandislik yoki boshqa uskunalarni (muhandislik tizimlarini) sinovdan oʻtkazish; obyektning ishga tushiriladigan quvvatining (sigʻimi, oʻtkazuvchanligining) shaharsozlik hujjatlarida tasdiqlangan koʻrsatkichlarga muvofiqligini belgilash. Tasdiqlangan loyiha yechimlari ha