Shaharsozlik kodeksi 46-modda. Shaharsozlik hujjatlarini roʻyobga chiqarish

Ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlarida koʻrsatilgan shaharsozlik hujjatlarini roʻyobga chiqarish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladigan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlar asosida amalga oshiriladi. Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha kompleks dasturlar bajarilishining borishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining majlislarida koʻrib chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritilishi lozim.