Turar joy zonalari koʻp qavatli uylar, oʻrtacha va kam qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun moʻljallangan. Turar joy zonalari jumlasiga jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan, aholi punktlarining chegaralari doirasida joylashgan hududlar ham kiradi. Turar joy zonalarida sanitariya-himoya zonalarini belgilash talab etilmaydigan hamda faoliyati atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatmaydigan (shovqin, tebranish, magnit maydonlari, radiatsiya taʼsiri, tuproq, havo, suvning ifloslanishi va boshqa zararli taʼsirlar), alohida turgan, birgalikda qurilgan, birgalikda-qoʻshimcha qilib qurilgan yoki qoʻshimcha qilib qurilgan ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarni, ibodatxonalarni, avtomobil transporti turargohlarini, sanoat, kommunal va omborxona obyektlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi. Turar joy zonalarida yuzdan ortiq oʻtirish joyi boʻlgan umumiy ovqatlanish korxonalarini, kino-videofilmlar namoyish qilinadigan statsionar va vaqtinchalik pavilyonlarni, ochiq turdagi yozgi sahnalarni, kinoteatrlarni va raqs maydonchalarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.