Yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurish loyihalari va qoidalari bilan belgilanadi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yer uchastkalari berilayotganda yuridik va jismoniy shaxslarni yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlaydi. Yuridik va jismoniy shaxslarga qurish uchun yer uchastkalari berilayotganda (realizatsiya qilinayotganda) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga nisbatan quyidagi shaharsozlik talablari va yer uchastkasini saqlash vazifalari belgilanishi mumkin: maxsus vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshirigʻiga binoan hududni qurish loyihasini ishlab chiqish boʻyicha; qurilishga tutash boʻlgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish boʻyicha; obyektlar qurilishini boshlash va tamomlash muddatlariga rioya etish boʻyicha. Obyekt qurilishi qurilish boshlangan sanadan eʼtiboran ikki yil ichida yoki shaharsozlik hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan taqdirda, obyekt tugallanmagan deb hisoblanadi. Yangi qurilish mazkur qurilish hududi aholisining tegishli xizmatlar bilan taʼminlanishi shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan normalardan pasayishiga olib keladigan boʻlsa, yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ular muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning qoʻshimcha obyektlarini qurishda ulushli ishtirok etganda berilishi (realizatsiya qilinishi) mumkin. Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan talablar va yer uchastkasini saqlash vazifalari yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda saqlanib qoladi. Ushbu moddaning uchinchi , toʻrtinchi va beshinchi qismlari yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida amalga oshiriladigan qurilishga nisbatan qoʻllanilmaydi. Yer uchastkasiga boʻ