Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq manfaatlari ularning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari jumlasiga kiradi. Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, agar bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) hamda boshqa koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining, egalarining hamda ulardan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qilsa, cheklanishi kerak. Fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga boʻlgan huquqi, xoʻjalik va boshqa faoliyatning atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik, ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi punktlarining hamda ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligi jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir. Aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar tizimlarining ishlab turishi, tabiiy resurslarni va madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir. Yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etish, shuningdek ularga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali taʼminlanadi. Agar shaharsozlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga zid boʻlsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak.