Binolardan foydalanish sharoitlarini oʻzgartirish, ularning jismoniy eskirishi tufayli yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini imkoni boricha toʻldirish, binolardan foydalanishning yangi maqsadlariga erishish uchun asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) oʻzgartirish bilan bogʻliq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui obyektlarni rekonstruksiya qilishdir. Obyektlarni rekonstruksiya qilish, shu jumladan buzilgan binolar va inshootlar oʻrnida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini oʻzgartirgan holda yangi obyektlar qurish uchun ruxsatnomalar aholi punktlarining rivojlanishini rejalashtirish va hududlarini qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlari asosida sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, davlat yongʻin nazorati organlari bilan kelishuvga koʻra maxsus vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari tomonidan beriladi. Aholi punktlarining rivojlanishini rejalashtirish va hududlarini qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmagan taqdirda ruxsatnomalar berish masalalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishiladi. Obyektlarni rekonstruksiya qilishda, shu jumladan buzilgan binolar va inshootlar oʻrnida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini oʻzgartirgan holda yangi obyektlar qurishda buyurtmachilar zimmasiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan majburiyatlar yuklanadi.