Shaharsozlik kodeksi 81-modda. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitutlar va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifalari

Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitutlar binolar va inshootlar mulkdorlarining manfaatlarini quyidagi maqsadlarda oʻzga shaxsning yer uchastkasidan foydalanish huquqini cheklamasdan taʼminlash mumkin boʻlmagan hollarda belgilanadi: binolar va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash; muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va foydalanishga topshirish; hududlarda suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni olib borish; oʻzganing yer uchastkasi orqali kesib oʻtish; binolar va inshootlar egalarining boshqa ehtiyojlari. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitutlar shaharsozlik faoliyati subyektlarining manfaatlari shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularning but saqlanishini taʼminlash boʻyicha boshqa ehtiyojlar uchun oʻzga yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqisiz taʼminlanishi mumkin boʻlmagan taqdirda belgilanadi. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitutlar va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifalari yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va bunday uchastkalardan foydalanuvchilarning majburiyatlarini hamda ularning huquqlari cheklanishini oʻz ichiga oladi va shaharsozlik hujjatlari hamda qurish qoidalari asosida belgilanadi. Yer uchastkalariga doir servitutlarni va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni saqlash vazifalarini belgilash hamda bekor qilish tartibi yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.