Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 20-modda. Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi

Ushbu Qonun 27¹-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalari Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Shaxsga doir maʼlumotlar bazasini roʻyxatdan oʻtkazish ariza berish prinsipi orqali xabardor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Shaxsga doir maʼlumotlar bazasini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi ariza vakolatli davlat organiga beriladi. Oʻz tarkibida: jamoat birlashmasining yoki diniy tashkilotning ishtirokchilariga (aʼzolariga) taalluqli boʻlgan hamda tegishincha jamoat birlashmasi yoki diniy tashkilot tomonidan ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlar, ularni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik yoki oshkor etmaslik sharti bilan; subyekt tomonidan hamma foydalanishi mumkin qilib qoʻyilgan; subyektlarning faqat familiyasini, ismini va otasining ismini oʻz ichiga olgan; subyektning mulkdor va (yoki) operator turgan hududga bir martalik kirishi uchun yoki boshqa shunga oʻxshash maqsadlar uchun zarur boʻlgan; avtomatlashtirilgan davlat axborot tizimlari maqomiga ega boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarning axborot tizimlariga kiritilgan; avtomatlashtirish vositalaridan foydalanmagan holda ishlov beriladigan; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlar mavjud boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalari roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Mulkdor va (yoki) operator tegishli shaxsga doir maʼlumotlar bazasini roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning har bir oʻzgarishi toʻgʻrisida vakolatli davlat organini bunday oʻzgarish yuzaga kelgan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kundan kechiktirmay xabardor qilishi shart.