Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 24-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish

Subyekt oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan, yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradigan oʻz shaxsga doir maʼlumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilishga duchor etilmaslik huquqiga ega, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Quyidagi hollarda subyektning shaxsga doir maʼlumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilinishi mumkin: subyektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi mavjud boʻlganda; agar qaror mulkdor va subyekt oʻrtasidagi shartnomani ijro etish yoki ilgari tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun qabul qilinayotgan boʻlsa; qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda. Mulkdor va (yoki) operator subyektga uning shaxsga doir maʼlumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilish tartibini va bunday qarorning ehtimoldagi yuridik oqibatlarini tushuntirishi, bunday qarorga eʼtiroz bildirish imkoniyatini berishi, shuningdek subyekt tomonidan oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibini tushuntirishi shart. Mulkdor va (yoki) operator ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan eʼtirozni koʻrib chiqishi hamda bunday eʼtirozni koʻrib chiqish natijalari haqida subyektni oʻn kun ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.