Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlari ushbu Qonunning asosiy prinsiplari taʼminlangan holda saqlanishi lozim. Quyidagi shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart: jismoniy shaxslarning biometrik maʼlumotlari; jismoniy shaxslarning genetik maʼlumotlari; Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning maʼlumotlari. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilmagan shaxsga doir maʼlumotlar kuyidagi shartlardan biri bajarilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida saqlanishi va ularga ishlov berilishi mumkin: chet davlatni shaxsga doir maʼlumotlarning bir xil himoya qilinishini taʼminlovchi davlat sifatida tan olish; operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi; roʻyxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir maʼlumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi. Shaxsga doir maʼlumotlar bir xil himoya qilinishini taʼminlovchi chet davlatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.