Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 30-modda. Subyektning huquq va majburiyatlari

Shaxsga doir maʼlumotlar subyekti: mulkdorda va (yoki) operatorda, shuningdek uchinchi shaxsda oʻz shaxsga doir maʼlumotlari va ularning tarkibi mavjudligini bilish; mulkdordan va (yoki) operatordan shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish toʻgʻrisidagi axborotni soʻrov boʻyicha olish: mulkdordan va (yoki) operatordan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyatini berish shartlari toʻgʻrisida axborot olish; oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga nisbatan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat etish; oʻz shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uchun rozilik berish va bunday rozilikni chaqirib olish, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno; oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini shaxsga doir maʼlumotlarning hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalarida tarqatilishi uchun mulkdorga va (yoki) operatorga, shuningdek uchinchi shaxsga rozilik berish; agar shaxsga doir maʼlumotlar toʻliq boʻlmasa, eskirgan, noaniq boʻlsa, qonunga xilof ravishda olingan boʻlsa yoki ishlov berish maqsadlari uchun zarur boʻlmasa, mulkdordan va (yoki) operatordan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishni vaqtincha toʻxtatib turishni talab qilish huquqiga ega. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan subyektning shaxsga doir maʼlumotlarini tasarruf etishni uning qonuniy vakili amalga oshiradi. Oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining maʼnaviyatini, sogʻligʻini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat mudofaasini hamda davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadlarida taqdim etish subyektning majburiyatidir.