Soliq boʻyicha qarzini qoplash hisobiga soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan summani ushbu Kodeksning 103-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hisobga olish soliq organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Ortiqcha toʻlangan soliq summasini soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish toʻgʻrisidagi qaror soliq organi tomonidan soliqning ortiqcha toʻlanganligi fakti aniqlagan kundan eʼtiboran yoki agar soliq organi va soliq toʻlovchi tomonidan u toʻlagan soliqlarni birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilgan boʻlsa, bunday birgalikdagi solishtirish dalolatnomasi soliq organi va soliq toʻlovchi tomonidan imzolangan kundan eʼtiboran yoxud sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida qabul qilinadi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoida soliq toʻlovchiga oʻzi ortiqcha toʻlagan soliq summasini uning soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish toʻgʻrisida soliq organiga yozma ariza taqdim etishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday ariza mavjud boʻlgan taqdirda soliq organining ortiqcha toʻlangan soliq summasini soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olish toʻgʻrisidagi qarori soliq toʻlovchining arizasi olingan kundan eʼtiboran yoki, agar birgalikda oʻzaro solishtirish oʻtkazilgan boʻlsa, soliq organi soliq toʻlovchi bilan u toʻlagan soliqlarni birgalikda oʻzaro solishtirish dalolatnomasini imzolagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida qabul qilinadi. Ortiqcha toʻlangan soliq summasi soliq toʻlovchiga ushbu Kodeksning 103-moddasi qoidalari inobatga olingan holda, uning yozma arizasiga koʻra, bunday ariza soliq organi tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, Tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga esa (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) uch kun ichida qaytarilishi lozim (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno)