Soliq majburiyatining bajarilishi mol-mulk garovi, kafillik, bank kafolati, penyalar, bankdagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarning toʻxtatilishi va soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash bilan taʼminlanishi mumkin. Soliq toʻlovchining soliq majburiyatini bajarish boʻyicha taʼminlash chorasi sifatida mol-mulkni xatlash uning arizasiga koʻra: 1) qimmatli qogʻozlar uyushgan bozorida muomalada boʻlgan qimmatli qogʻozlarning garovi yoki ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan boshqa mol-mulk garovi bilan; 2) ushbu Kodeksning 108-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan uchinchi shaxsning kafilligi bilan almashtirilishi mumkin; 3) ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan bank kafolati bilan. Ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan amaldagi bank kafolati berilgan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchiga ushbu bandda nazarda tutilgan taʼminlash choralarini almashtirishni rad etishga haqli emas. Soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlash usullari, ularni qoʻllash tartibi va shartlari ushbu bobda belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish munosabati bilan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar boʻyicha bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda soliq majburiyatining bajarilishini taʼminlashning boshqa choralari ham qoʻllanilishi mumkin.