Soliq toʻlovchiga uning zimmasidagi soliq qarzi summasi toʻgʻrisida, shuningdek shu qarz summasini belgilangan muddatda toʻlash majburiyati haqida xabar yuborish soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomadir. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga tadbirkorlik faoliyati boʻyicha unda ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan soliq qarzi yoki foizlar mavjud boʻlgan taqdirda yuboriladi. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻiga doir soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma ushbu soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisiga yuboriladi. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga soliq haqidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikka tortilishidan qatʼi nazar yuboriladi. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomada soliq boʻyicha qarz summasi, talabnoma yuborilayotgan paytga hisoblangan penyalar miqdori, jarimalar summasi, shuningdek soliq toʻlovchi talablarni bajarmagan taqdirda, soliq qarzini undirish va soliq majburiyati bajarilishini taʼminlash boʻyicha koʻriladigan choralar haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlariga yuboriladigan talabnomalarga ham tatbiq etiladi. Ushbu Kodeksning 120-moddasi sakkizinchi — oʻninchi qismlarida va 122-moddasida nazarda tutilgan hollarda soliq toʻlovchining soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma boshqa shaxslarga yuborilishi mumkin. Bunday hollarda ushbu bobda nazarda tutilgan barcha qoidalar mazkur shaxslarga yuborilgan soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomalarga ham tatbiq etiladi.