Agar majburiyatga ega shaxsning soliq qarzini ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalarida nazarda tutilgan tartibda undirish mumkin boʻlmasa, soliq organi soliq qarzini shu majburiyatga ega shaxsning boshqa mol-mulki, shu jumladan naqd pul mablagʻlari hisobidan undirishga haqli. Soliq qarzini undirish soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomada koʻrsatilgan summalar doirasida hamda ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv amalga oshirilgan summalarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Ushbu moddaning qoidalari soliq qarzini faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan undirishga nisbatan qoʻllaniladi. Majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlikda amalga oshiriladi: 1) ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv qaratilmagan naqd pul mablagʻlariga nisbatan; 2) mahsulotlar (tovarlar) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan mol-mulkka, xususan, qimmatli qogʻozlar, valyuta qimmatliklari, ishlab chiqarishga moʻljallanmagan binolar, yengil avtotransport, xizmat xonalarining dizayni ashyolariga nisbatan; 3) tayyor mahsulotlarga (tovarlarga), shuningdek ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va (yoki) bevosita ishtirok etishga moʻljallanmagan boshqa moddiy qimmatliklarga nisbatan; 4) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etish uchun moʻljallangan xom ashyo va materiallarga nisbatan, shuningdek dastgohlar, uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalarga nisbatan; 5) boshqa shaxslarga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish shartnomasi boʻyicha ushbu mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi ularga oʻtkazilmagan holda topshirilgan mol-mulkka nisbatan, agar soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatning bajarilishini taʼminlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa; 6) boshqa mol-mulkka nisbatan, bundan yakka tartibdagi tadbirkor yoki uning oila aʼzolari kundalik shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan, qonunchilikka m