Soliq kodeksi 126-modda. Soliq toʻlovchilarni hisobga olish toʻgʻrisida umumiy qoidalar

Soliq nazoratini amalga oshirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlarini hisobga qoʻyish ushbu Kodeks u yoki bu soliqni toʻlash majburiyatining paydo boʻlishini bogʻlaydigan holatlar mavjudligidan qatʼi nazar amalga oshiriladi. Soliq organlarida hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish bepul amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarni soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish ularga vakolatli organ tomonidan identifikatsiyalovchi ID-kartalarni yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Bunda soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi alohida hujjat berilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsini davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida u bir vaqtning oʻzida soliq organlarida va davlat statistika organlarida hisobga qoʻyilgan holda berilgan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjatdir. Chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan chet el yuridik shaxslariga (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalarga) berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi guvohnoma soliq toʻlovchining roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatdir. Soliq toʻlovchilarni hisobga olish maʼlumotlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestrini yuritadi. Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlarning tarkibi hamda reyestrni yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar ushbu Kodeksning 29-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq organida hisobga qoʻyilgan paytdan boshlab soliq siridir.