Soliq kodeksi 137-modda. Soliq tekshiruvlarining turlari

Soliq tekshiruvlari soliq toʻlovchilar, yigʻimlarni toʻlovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish maqsadida oʻtkaziladi. Soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi toʻgʻrisida soliq organlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni oʻrganish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini oʻtkazadi: 1) kameral soliq tekshiruvi; 2) sayyor soliq tekshiruvi; 3) soliq auditi; 4) transfert narxning shakllanishini tekshirish. Tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik reytingining “AAA” toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar mustasno).