Kameral soliq tekshiruvi soliq toʻlovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisida soliq organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlar hamda maʼlumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan oʻtkaziladi. Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish taqiqlanadi, bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oʻrnini qoplash (qaytarish) maqsadida oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno: 1) soliq toʻlovchining hududiga kirish; 2) soliq toʻlovchining hududini va binolarini koʻzdan kechirish; 3) soliq toʻlovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish; 4) soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish. Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni oʻtkazishi mumkin. Bunda soliq auditi oʻtkazilgan yoki oʻtkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil oʻtkazilmaydi. Tekshiruvdan oldingi tahlil — taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq toʻlovchining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq toʻlovchining ishtirokisiz oʻtkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir. Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) buyrugʻisiz amalga oshiriladi. Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chogʻida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud boʻlgan maʼlumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq toʻlovchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Soliq toʻlovchi tegishli tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq toʻlovchida k