Soliq kodeksi 149-modda. Guvohning ishtiroki

Soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega biror-bir holatlar oʻziga maʼlum boʻlgan har qanday voyaga yetgan jismoniy shaxs koʻrsatmalar berish uchun guvoh sifatida chaqirilishi mumkin. Guvohning koʻrsatmalari bayonnomaga kiritiladi. Guvoh sifatida quyidagi shaxslar jalb etilishi mumkin emas: oʻzining jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari sababli soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni toʻgʻri idrok etishga qodir boʻlmagan shaxslar; oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan soliq nazoratini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan va ushbu shaxslarning kasbiy siriga taalluqli boʻlgan axborotni olgan shaxslar. Chunonchi, bunday shaxslar jumlasiga — advokat, auditor, soliq maslahatchisi va mediator kiradi. Guvohning koʻrsatmalari, agar u kasalligi, keksaligi, nogironligi tufayli soliq organiga kela olmasa, u turgan joyda olinishi mumkin. Koʻrsatmalar olishdan avval soliq organining mansabdor shaxsi guvohni koʻrsatmalar berishni rad etganlik yoki bundan bosh tortganlik yoxud bila turib yolgʻon koʻrsatmalar berganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi, bu haqda bayonnomaga guvohning imzosi bilan tasdiqlanadigan belgi kiritiladi. Soliq organiga guvoh sifatida chaqirilgan xodimlar uchun soliq organiga kelganligi sababli ishda boʻlmagan vaqt uchun asosiy ish joyidagi oylik ish haqi saqlanib qoladi.