Soliq kodeksi 170-modda. Axborotga doir hamkorlik reglamenti

Soliq monitoringida ishtirok etuvchi yuridik shaxs va soliq organi oʻrtasidagi axborotga doir hamkorlik reglament asosida amalga oshiriladi. Axborotga doir hamkorlik reglamentida soliqlar hamda yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlash (ushlab qolish va oʻtkazib berish) uchun asos boʻlib xizmat qiluvchi hujjatlarni (axborotni) soliq organiga elektron shaklda taqdim etish tartibi va (yoki) koʻrsatilgan hujjatlar (axborot) mavjud boʻlgan yuridik shaxsning axborot tizimlariga kirish tartibi aks ettiriladi. Yuridik shaxs axborotga doir hamkorlik tartibini mustaqil ravishda tanlashga haqli. Yuridik shaxs axborotga doir hamkorlik reglamentida: 1) buxgalteriya (soliq) hisobi registrlarida daromad va xarajatlar, soliq solish obyektlarini aks ettirish tartibini; 2) soliq hisobining tahliliy registrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni; 3) soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanganligi (oʻtkazib berilganligi) ustidan ichki nazorat tizimi toʻgʻrisidagi axborotni koʻrsatadi. Ichki nazorat tizimi toʻgʻrisidagi axborot bunday tizim mavjud boʻlgan taqdirda taqdim etiladi. Axborotga doir hamkorlik reglamentining shaklini va unga doir talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tasdiqlaydi.