Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan va qabul qilinishi ushbu Kodeksda toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda soliq bilan bogʻliq muayyan munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinishi hamda tegishli vakolatli organning qarori bilan ushbu Kodeksning ayrim qoidalarini qoʻllash boʻyicha alohida tartib belgilanishi mumkin. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining soliq toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.