Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim uning amal qilish muddati oʻtganidan keyin tugatiladi yoki ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Soliq toʻlovchi narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni uning amal qilishi muddati davomida soliqlarning toʻliq toʻlanmasligini keltirib chiqargan holda buzgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) qaroriga koʻra ushbu bitim muddatidan oldin tugatiladi. Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim taraflarning kelishuviga yoki sudning qaroriga koʻra ham muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tugatish haqidagi qarori soliq toʻlovchiga (uning vakiliga) undan tilxat olingan holda topshiriladi yoki unga qaror olingan sana toʻgʻrisida dalolat beruvchi boshqa usul bilan beriladi yoxud soliq toʻlovchiga tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Soliq toʻlovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan qaror ushbu buyurtma xat yuborilgan kundan eʼtiboran besh kun oʻtgach olingan deb hisoblanadi. Soliq toʻlovchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimni tugatish haqidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.