Agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq toʻlashi shart. Chet el kompaniyalarini nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari deb eʼtirof etish tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarni bunday chet el kompaniyalarini nazorat qiluvchi shaxslar deb eʼtirof etish tartibi ushbu Kodeksning tegishincha 39 va 40-moddalarida belgilanadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs deb eʼtirof etilsa, u ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasini ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinishi lozim boʻlgan oʻz daromadlari tarkibiga kiritishi shart. Yuridik shaxslar mazkur taqsimlanmagan foydani foyda soligʻi bazasiga, jismoniy shaxslar esa – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bazasiga kiritadi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar har bir nazorat qilinadigan chet el kompaniyasiga nisbatan uning har bir nazorat qiluvchi shaxsi tomonidan alohida qoʻllaniladi. Ushbu Kodeksning 204-moddasida nazarda tutilgan hollarda nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasi ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.